19-modda. Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni tugatish
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1101-son) · Sana: 09.12.2025 · Amalda
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlar quyidagi hollarda tugatiladi:
sugʻurtalangan shaxs vafot etganda yoki sud qarori bilan vafot etgan deb eʼlon qilinganda. Bunda davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlov sugʻurtalangan shaxs vafot etgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan eʼtiboran tugatiladi;
sugʻurtalangan shaxs Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqqanda yoki Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini yoʻqotganda;
sugʻurtalangan shaxs yoki uning qonuniy vakili davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovni tugatish toʻgʻrisida murojaat qilganda. Bunda davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlov murojaat berilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan eʼtiboran tugatiladi;
davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovni tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun asos boʻlib xizmat qilgan hujjatlarning (maʼlumotlarning) ishonchsizligi yoki soxta ekanligi aniqlanganda. Bunda davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlov tayinlangan kundan eʼtiboran tugatilgan hisoblanadi va toʻlangan mablagʻlar sugʻurtalangan shaxs tomonidan qaytariladi.
