17-modda. Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni tayinlash uchun murojaat qilish va hujjatlarni koʻrib chiqish
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1101-son) · Sana: 09.12.2025 · Amalda
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni ishdan boʻshatish nafaqasi tarzida tayinlash sugʻurtalangan shaxsning murojaati asosida, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqalari hamda homiladorlik va tugʻish nafaqalari tarzida esa sugʻurtalangan shaxsning murojaati talab etilmagan holda (proaktiv shaklda) amalga oshiriladi.
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni tayinlash uchun murojaat sugʻurtalangan shaxs tomonidan quyidagicha amalga oshiriladi:
sugʻurtalovchiga bevosita yoki ish beruvchi orqali;
maxsus davlat axborot tizimlari orqali elektron tarzda.
Sugʻurtalangan shaxsning murojaati talab etilmagan holda (proaktiv shaklda) tayinlanadigan davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlar yuzasidan sugʻurta hodisasi yuzaga kelganda sugʻurtalangan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sugʻurtalovchiga Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot tizimi orqali taqdim etiladi.
