37-modda. Foydali qazilma konlarini ishlatishga va mineral xom ashyoni qayta ishlashga doir asosiy talablar
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (444-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Foydali qazilma konlarini ishlatish va mineral xom ashyoni qayta ishlash belgilangan tartibda tasdiqlangan konchilik ishlarini rivojlantirish texnik loyihalari va rejalariga, uglevodorod konlarini ishga solish va obodonlashtirish loyihalariga, yer qaʼridan texnikaviy foydalanish va uni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Foydali qazilma konlarini ishlatish jarayonida qidiruv konditsiyalari qoʻllaniladi. Konlarni ishlatishning konchilik-geologik va boshqa sharoitlari, mineral xom ashyo va uni qayta ishlash mahsulotlarining bozor konyunkturasi hamda energiya resurslarining narxlari oʻzgarganda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda tasdiqlanadigan foydalanuv konditsiyalari qoʻllaniladi.
Foydali qazilma konlarini ishlatishda quyidagilar taʼminlanishi kerak:
foydali qazilmalarni kavlab olishning oqilona, ekologik xavfsiz texnologiyalari qoʻllanilishi;
ishga solinayotgan foydali qazilma konlari va ularga tutashgan foydali qazilma konlari hamda yer qaʼri boshqa uchastkalarining konchilik ishlari olib borish natijasida buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi, yer qaʼrida konservatsiya qilib qoʻyiladigan foydali qazilma zaxiralarining saqlanishi;
konlarning pogʻonalari va yon chekkalari mustahkamligi, togʻ jinslarining siljish jarayonlari, yer yuzasi, binolar, inshootlarning choʻkishi (ogʻishi) maxsus asboblar bilan kuzatib turilishi.
Mineral xom ashyoni qayta ishlashda quyidagilar taʼminlanishi kerak:
foydali komponentlar oqilona, kompleks chiqarib olinishini taʼminlaydigan qayta ishlash texnologik sxemalariga rioya etilishi;
qayta ishlashning turli bosqichlarida foydali komponentlar taqsimoti va ularni mineral xom ashyodan ajratib olish darajasi hisobga olinishi va nazorat qilib borilishi;
mineral xom ashyoning texnologik xossalari va tarkibi oʻrganilishi, uni qayta ishlash texnologiyasini takomillashtirish maqsadida tajriba-texnologiya sinovlari oʻtkazilishi;
qayta ishlash asosida hosil qilingan mahsulotlar va chiqindilardan, shuningdek oqova suvlardan mumkin qadar toʻliq foydalanilishi;
vaqtincha foydalanilmayotgan mahsulotlar va tarkibida foydali komponentlari boʻlgan ishlab chiqarish chiqindilari joylashtirilishi, hisobga olinishi va saqlanishi.
