36-modda. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganishga doir asosiy talablar
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (444-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganishga doir asosiy talablar quyidagilardan iborat:
yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganishning, qidirib topilayotgan foydali qazilma konlarini, foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini qurish va ulardan foydalanish uchun, shu jumladan chiqindilarni saqlash va koʻmish uchun foydalanishga beriladigan yer qaʼri uchastkalarini ishga solishdagi konchilik-texnik, gidrogeologik, geologik-iqtisodiy va boshqa sharoitlarning toʻla-toʻkis boʻlishi;
asosiy foydali qazilma va u bilan birga joylashgan foydali qazilmalar hamda qoʻshilib chiqadigan komponentlar zaxiralarining miqdori va sifatini aniqlash;
kon ustida yotgan hamda sigʻdiruvchi jinslardan ishlab chiqarishda va yerlarni qayta tiklashda foydalanish uchun ana shu jinslarning xossalarini tadqiq etish, shuningdek foydali qazilmalarni radiatsiya-gigiyena jihatidan baholash;
yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini foydali qazilmalar asossiz nobud boʻlishini va sifati pasayishini istisno etuvchi usul va uslublarda olib borish;
yer qaʼridan chiqarib olinayotgan togʻ jinslari va foydali qazilmalarni ularning atrof muhitga zararli taʼsirini istisno etadigan tarzda joylashtirish uchun uchastkalarni tanlash;
foydali qazilma konlarini ishga solishida va boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin boʻlgan, qidiruv ishlari olib borilgan kon qazishmalarining va burgʻilangan quduqlarning saqlanishini taʼminlash, shuningdek foydalanilmaydigan kon qazishmalarini va quduqlarni belgilangan tartibda yoʻq qilish;
yer qaʼrini kelgusida oʻrganishda, foydali qazilma konlarini ishga solishda, shuningdek yer qaʼridan foydali qazilmalar kavlab olishi bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlarda foydalanishda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan geologik, marksheyderlik va boshqa hujjatlar, togʻ jinslari va rudalarning namunalari, kern, foydali qazilma namuna nusxalari saqlanishini taʼminlash.
