32-modda. Yer qaʼridan foydalanuvchilarning huquqlari
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (444-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz faoliyati natijalaridan, shu jumladan yer qaʼri toʻgʻrisida olingan geologik va boshqa axborotdan, shuningdek kavlab olingan foydali qazilmalar yoki ularning ruxsatnoma shartlariga koʻra tasarruflarida boʻladigan ulushidan foydalanish;
agar ruxsatnomada boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, foydali qazilmalarni kavlab olish hamda mineral xom ashyoni qayta ishlash jarayonida olingan texnogen mineral hosilalardan foydalanish;
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish bilan bogʻliq ishlarni olib borish texnologiyasi yuzasidan qaror qabul qilish;
texnik loyihalar va konchilik ishlarini rivojlantirish rejalariga, shuningdek uglevodorod konlarini ishlatish va obodonlashtirish loyihalariga belgilangan tartibda oʻzgartish kiritish;
foydali qazilma konlarini ishlatish jarayonida foydalanuv konditsiyalarini qoʻllash;
ruxsatnomaga muvofiq berilgan kon ajratmasi doirasida qoʻshimcha ruxsatnomasiz yer qaʼri geologik jihatdan oʻrganilishini amalga oshirish;
kon ajratmasi va belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkalari doirasida ishlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ishlab chiqarish va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish, shuningdek umum foydalanishdagi obyektlar va kommunikatsiyalardan shartnoma asosida foydalanish;
yer qaʼri uchastkasidan foydalanish bilan bogʻliq ishlarning ayrim turlarini yoki majmuini bajaruvchilarni shartnoma asosida jalb etish;
mineral xom ashyoga va uni qayta ishlash mahsulotlariga boʻlgan konyunktura oʻzgarganligi munosabati bilan foydali qazilmalarni kavlab olish iqtisodiy jihatdan maqsadga nomuvofiq boʻlganda, shuningdek ruxsatnoma berilgandan ancha farq qiluvchi holatlar yuzaga kelganda yer qaʼri uchastkasidan foydalanish shartlarini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat etish.
Yer qaʼridan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
