17-modda. Foydali qazilmalar zaxiralarini hisobdan chiqarish
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (444-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Kavlab olingan foydali qazilmalar, shuningdek sanoat uchun ahamiyatini yoʻqotgan foydali qazilmalar zaxiralari, kavlab olish jarayonida yoʻqotilgan, keyinchalik oʻtkazilgan geologiya-qidiruv ishlarida yoki konni ishga solishda mavjudligi tasdiqlanmagan foydali qazilmalar zaxiralarini foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansiga tegishli oʻzgartishlar kiritgan holda yer qaʼridan foydalanuvchining balansidan chiqarish kerak.
Sanoat uchun ahamiyatini yoʻqotgan yoki keyinchalik oʻtkazilgan geologiya-qidiruv ishlarida yoxud konni ishga solishda mavjudligi tasdiqlanmagan foydali qazilmalar zaxiralarini yer qaʼridan foydalanuvchining balansidan chiqarish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Kavlab olingan va kavlab olish jarayonida yoʻqotilgan foydali qazilmalarni yer qaʼridan foydalanuvchining balansidan chiqarish yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining roziligi bilan amalga oshiriladi.
