35-modda. Patent vakillari
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Patent vakili yuridik va jismoniy shaxslarning Vazirlik va Davlat muassasasi oldidagi vakillik huquqini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan Oʻzbekiston fuqarosi patent vakili boʻlishi mumkin. Patent vakillariga qoʻyiladigan malaka talablari, ularni attestatsiyadan oʻtkazish va roʻyxatga olish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi jismoniy shaxslar yoki chet ellik yuridik shaxslar sanoat mulki obyektlarini patentlash boʻyicha ishlarni va ular bilan bogʻliq boʻlgan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni Vazirlikda roʻyxatga olingan patent vakillari orqali amalga oshiradilar.
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, biroq vaqtincha uning hududidan tashqarida turgan jismoniy shaxslar sanoat mulki obyektlarini patentlash boʻyicha ishlarni va ular bilan bogʻliq yuridik ahamiyatga ega harakatlarni Oʻzbekiston Respublikasi doirasida yozishmalar olib borish uchun manzilni koʻrsatgan holda, patent vakilisiz amalga oshirishlari mumkin.
Patent vakilining vakolatlari ishonchnoma bilan tasdiqlanadi.
