18-modda. Sanoat mulki obyekti ustuvorligi
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Sanoat mulki obyekti ustuvorligi patent berish haqidagi talabnoma Vazirlikka topshirilgan sanaga koʻra belgilanadi.
Sanoat mulki obyekti ustuvorligi:
Sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasi ishtirokchisi boʻlgan boshqa davlatda (konvensiya ustuvorligi) topshirilgan birinchi talabnoma qayd etilgan sana boʻyicha, agar mazkur sanadan eʼtiboran ixtiro haqidagi talabnoma va foydali model haqidagi talabnoma oʻn ikki oy ichida, sanoat namunasi haqidagi talabnoma esa olti oy ichida Vazirlikka kelib tushgan boʻlsa, belgilanishi mumkin. Agar konvensiya ustuvorligi soʻralgan talabnoma uni beruvchiga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra belgilangan muddatda topshirib ulgurilmasa, bu muddat Davlat muassasasi tomonidan koʻpi bilan ikki oyga uzaytirilishi mumkin. Konvensiya ustuvorligi huquqidan foydalanish istagidagi talabnoma beruvchi oʻzining ana shu istagini talabnomani topshirish chogʻida koʻrsatib oʻtishi va (yoki) zarur materiallarni talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran koʻpi bilan uch oy ichida Davlat muassasasiga taqdim etishi shart;
qoʻshimcha materiallar topshirilgan sana boʻyicha, agar talabnomaga ilova qilingan qoʻshimcha materiallar talabnomada koʻrsatilgan sanoat mulki obyekti mohiyatini oʻzgartirib yuboradi deb topilishi munosabati bilan ularni qabul qilish mumkin emasligini Davlat muassasasi talabnoma beruvchiga bildirgan sanadan eʼtiboran uch oy muddat tugagunga qadar bu qoʻshimcha materiallar talabnoma beruvchi tomonidan mustaqil talabnoma sifatida rasmiylashtirilgan boʻlsa, belgilanishi mumkin;
shu talabnoma beruvchining Vazirlikka birmuncha oldin taqdim etgan, ushbu sanoat mulki obyektining mohiyatini ochib beruvchi talabnomasi topshirilgan sana boʻyicha, agar bunday ustuvorlik soʻralayotgan talabnoma birmuncha oldin berilgan ixtiro haqidagi talabnoma va foydali model haqidagi talabnoma kelib tushgan sanadan eʼtiboran oʻn ikki oy ichida va birmuncha oldin berilgan sanoat namunasi haqidagi talabnoma kelib tushgan sanadan eʼtiboran olti oy ichida topshirilgan boʻlsa, belgilanishi mumkin. Bunda birmuncha oldin topshirilgan talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi.
Sanoat mulki obyekti ustuvorligi oldin topshirilgan bir nechta talabnoma yoki ularga doir qoʻshimcha materiallar asosida bu talabnomalar va qoʻshimcha materiallarga nisbatan ushbu moddada belgilangan shartlarga rioya qilingan holda belgilanishi mumkin.
