13-modda. Patent egasi mutlaq huquqining buzilishi
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Patent bilan muhofaza qilinayotgan sanoat mulki obyektlaridan ushbu Qonunning 11 va 32-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga xilof ravishda foydalanayotgan har qanday shaxs patent egasining mutlaq huquqini buzuvchi hisoblanadi.
Tegishli patentlangan sanoat mulki obyektini oʻz ichiga olgan mahsulot yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qoʻllash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yoʻsinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qoʻllash yoxud ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulda bevosita tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish patent egasi mutlaq huquqining buzilishi deb eʼtirof etiladi.
Sanoat mulki obyektidan patent egasining mutlaq huquqini buzgan holda foydalanayotgan shaxslar patent egasining talabiga koʻra:
patent egasining mutlaq huquqini buzuvchi harakatlarni toʻxtatishlari;
patent egasiga yetkazilgan zararning oʻrnini qonunchilikka muvofiq qoplashlari shart.
Patent egasi oʻzining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon toʻlashini talab qilishi mumkin. Bunda tovon zararlar yetkazilishi faktidan qatʼi nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obyektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda toʻlanadi. Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi.
