12-modda. Patent egasi mutlaq huquqining buzilishi sifatida eʼtirof etilmaydigan harakatlar
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Quyidagi hollar patent egasi mutlaq huquqining buzilishi sifatida eʼtirof etilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasida muhofaza qilinayotgan sanoat mulki obyektlaridan tarkib topgan qurilmalarni Sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasi ishtirokchisi boʻlgan boshqa davlatning transport vositasida mazkur vosita vaqtincha yoki tasodifan Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan vaqtda, basharti bu qurilmalardan faqat mazkur vositaning ehtiyojlari uchun foydalaniladigan boʻlsa, qoʻllash;
patentlar bilan muhofaza qilinayotgan sanoat mulki obyektlaridan tarkib topgan vositalar ustida ilmiy tadqiqot yoki tajriba oʻtkazish;
patentlar bilan muhofaza qilinadigan sanoat mulki obyektlaridan tarkib topgan vositalarni tabiiy ofatlar, halokatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlarda patent egasini eng qisqa muddatda xabardor qilgan va keyinchalik mutanosib miqdorda unga tovon toʻlagan holda qoʻllash;
patentlar bilan muhofaza qilinayotgan sanoat mulki obyektlaridan tarkib topgan vositalarni, agar bu vositalar fuqarolik muomalasiga qonuniy yoʻl bilan kiritilgan boʻlsa, qoʻllash;
patentlar bilan muhofaza qilinayotgan sanoat mulki obyektlaridan tarkib topgan vositalarni daromad olmay shaxsiy maqsadlarda qoʻllash;
dorixonalarda shifokor retsepti boʻyicha dori vositalarini bir marotabalik tayyorlash.
