11-modda. Patent egasining sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqi
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Agar sanoat mulki obyektidan oʻz xohishicha foydalanish boshqa patent egalarining huquqlarini, shu jumladan boshqa shaxslarning mazkur obyektdan foydalanishini taqiqlab qoʻyish huquqini buzmasa, bunday foydalanish patent egasiga tegishlidir, shu zaylda foydalanish ushbu Qonunga muvofiq patent egasining huquqini buzish deb hisoblanmaydigan hollar bundan mustasno.
Bir nechta patent egasiga qarashli boʻlgan sanoat mulki obyektidan foydalanish borasidagi oʻzaro munosabatlar ular oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunday kelishuv boʻlmagan taqdirda, har bir patent egasi muhofaza qilinayotgan sanoat mulki obyektidan oʻz xohishicha foydalanishi mumkin, lekin qolgan patent egalarining roziligisiz obyektga mutlaq litsenziya berishga yoki patentni oʻzga shaxsga topshirishga haqli emas.
Patent egasi patent bilan tasdiqlangan sanoat mulki obyektiga boʻlgan huquqni patentdan oʻzganing foydasiga voz kechish toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha yoki sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqini litsenziya shartnomasi boʻyicha har qanday yuridik yoxud jismoniy shaxsga (shaxslarga) topshirishi mumkin. Patentdan oʻzganing foydasiga voz kechish toʻgʻrisidagi shartnoma va litsenziya shartnomasi Vazirlikda roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Patent egasi foydalanilayotgan sanoat mulki obyektlari patentlanganligini koʻrsatuvchi ogohlantirish tamgʻasidan foydalanishi mumkin.
