10-modda. Patent egasi
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Sanoat mulki obyektining patenti quyidagilarga beriladi:
sanoat mulki obyektining muallifiga (hammualliflariga) yoki uning (ularning) merosxoʻriga (merosxoʻrlariga);
muallif yoki uning merosxoʻri tomonidan patent berish haqidagi talabnomada yoki sanoat mulki obyekti roʻyxatdan oʻtkazilgunga qadar Vazirlikka topshirilgan talabnoma beruvchini oʻzgartirish haqidagi arizada koʻrsatilgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslarga (ularning oʻzi rozi boʻlgan taqdirda);
ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda ish beruvchiga.
Xodim tomonidan oʻz xizmat vazifalarini yoki ish beruvchidan olgan aniq topshiriqni bajarish munosabati bilan yaratilgan sanoat mulki obyektining patentiga boʻlgan huquq, agar bu hol ular oʻrtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, ish beruvchiga tegishli boʻladi.
Agar ish beruvchi bilan muallif (hammualliflar) oʻrtasidagi shartnomada ushbu moddaning ikkinchi qismidagi qoidalar nazarda tutilgan boʻlmasa, u holda muallif (hammualliflar) talabnoma topshirish va sanoat mulki obyektining patentini oʻz nomiga olish huquqiga ega boʻladi.
Agar ish beruvchi bilan muallif (hammualliflar) oʻrtasidagi shartnomada ushbu modda ikkinchi qismining qoidalari nazarda tutilgan boʻlsa va ish beruvchi yaratilgan sanoat mulki obyekti toʻgʻrisida muallif (hammualliflar) tomonidan yozma ravishda xabardor qilingan kundan eʼtiboran toʻrt oy ichida Vazirlikka patent berish haqidagi talabnomani topshirmasa, patent berish haqidagi talabnomani topshirish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechmasa va tegishli obyektni sir saqlash toʻgʻrisida muallifga (hammualliflarga) maʼlum qilmasa, u holda muallif (hammualliflar) talabnoma topshirish va oʻz nomiga patent olish huquqiga ega boʻladi.
Mazkur moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida koʻrsatilgan hollarda ish beruvchi patent egasiga shartnomada belgilanadigan miqdorda tovon toʻlab, oʻz ishlab chiqarishida tegishli sanoat mulki obyektidan foydalanishda ustuvor huquqqa ega boʻladi.
Ish beruvchi sanoat mulki obyektini sir saqlagan taqdirda muallifga (hammualliflarga) mutanosib ravishda haq toʻlashi shart, haq miqdori shartnomada belgilanadi.
Patent egasi boʻlmagan, oʻz xizmat vazifalarini yoki ish beruvchidan olgan aniq topshiriqni bajarish munosabati bilan yaratilgan sanoat mulki obyektining muallifi (hammualliflari) tegishli sanoat mulki obyektidan foydalanilganligi yoxud unga oid litsenziya sotilganligi uchun haq olish huquqiga ega. Sanoat mulki obyektidan foydalanilganlik yoki unga oid litsenziyani sotganlik uchun tushayotgan mablagʻlar hisobidan muallifga (hammualliflarga) toʻlanadigan haqning miqdori, uni toʻlash shartlari va tartibi muallif (hammualliflar) hamda ish beruvchi oʻrtasidagi shartnomada belgilanadi.
