“15-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1083-son) · Sana: 21.08.2025 · Amalda
Mamlakatda demokratik oʻzgarishlarni yanada rivojlantirishga hamda bunda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirok etishiga koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi (bundan buyon matnda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi deb yuritiladi) va uning alohida boʻlinmalari tuziladi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan olinadigan mablagʻlarni jamlaydi, bu mablagʻlar fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini rivojlantirishni ragʻbatlantirish hamda qoʻllab-quvvatlashga, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar masalalarni hal etishda ularning ishtirok etishiga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish uchun taqsimlanishini tashkil etadi;
fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularga huquqiy maslahat, tashkiliy, texnik jihatdan va boshqa xil yordam koʻrsatish bilan bogʻliq dasturlar hamda loyihalarni amalga oshirishda koʻmaklashadi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi hamda tugatilishining oʻziga xos xususiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan belgilanadi.
