3-modda. Asosiy tushunchalar
Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish toʻgʻrisida (O‘RQ-1079-son) · Sana: 06.08.2025 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli davlat organining vakili — tuman (shahar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi xodimi;
identifikatsiya qilish vositalari — hayvonning identifikatsiya raqamini oʻz ichiga oladigan, uni boshqa hayvonlardan ajratish imkonini beradigan vizual birkalar, elektron mikrochiplar va aralash mikrochipli birkalar;
identifikatsiya qilish obyektlari — jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan va (yoki) koʻpaytiriladigan hayvonlar;
elektron axborot tizimi — identifikatsiya qilingan hayvonlar roʻyxati bilan ularni roʻyxatga olish, hisobdan chiqarish va boshqa harakatlar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga oluvchi maʼlumotlar bazasi;
hayvonlar — jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan va (yoki) koʻpaytiriladigan qoramol, qoʻylar, echkilar, choʻchqalar, otlar, tuyalar, itlar, mushuklar;
hayvonning identifikatsiya raqami — hayvonga bir marta beriladigan hamda boshqa hayvonlarda takrorlanmaydigan harfli va raqamli ramzlarga ega noyob kod;
hayvonlarni identifikatsiya qilish — hayvonlar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlarni (yoshi, jinsi, rangi, zoti va boshqa zarur koʻrsatkichlarni) aniqlash uchun hayvonlarga identifikatsiya raqamini oʻrnatish;
hayvonlarni kuzatish — hayvonlarning butun yashash davri davomida ularning kelib chiqish joyi, tugʻilishi va koʻchib yurishi (migratsiyasi) haqidagi, shuningdek hayvonlarda uchraydigan kasalliklar profilaktikasi, ularga tashxis qoʻyish va ularni davolash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash;
hayvonlarni roʻyxatga olish — hayvonlarni identifikatsiya qilish natijasida olingan hayvonlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shu jumladan ularga berilgan identifikatsiya raqamlari haqidagi maʼlumotlarni elektron axborot tizimiga kiritish;
hayvonning egasi — hayvonlarni oʻz ehtiyojlari, xizmat maqsadlari uchun yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun saqlash va (yoki) koʻpaytirish bilan shugʻullanuvchi hamda hayvonlarga tegishincha mulk, operativ boshqarish huquqlari asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda egalik qiluvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
hayvonni hisobdan chiqarish — identifikatsiya qilingan hayvonga tegishli boʻlgan maʼlumotlarning elektron axborot tizimidagi faolligini belgilangan tartibda tugatish.
