9-modda. Suv obyektlaridan foydalanish turlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv obyektlari tanho yoki birgalikda foydalanishda boʻlishi mumkin.
Suv obyekti suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlariga va suvdan foydalanuvchilarga nazarda tutilgan talablar va shartlarga rioya etilgan taqdirda bitta yoki bir nechta maqsadda foydalanishga beriladi.
Suv obyekti tegishliligi boʻyicha suv xoʻjaligi organlari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, togʻ-kon sanoati va geologiya organlari bilan kelishuvga koʻra qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanishga beriladi.
Oqova suvlarni oqizish uchun suv obyektidan foydalanishga faqat ekologiya va sanitariya talablari hamda shartlariga rioya etilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Suv obyektlari bitta yoki ayni bir vaqtda bir nechta maqsadda foydalanishga berilishi mumkin.
Suv obyektlari tanho foydalanish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki boshqa vakolatli davlat organi tomonidan toʻliq yoki qisman beriladi.
Tanho foydalanishga berilmagan suv obyekti birgalikda foydalaniladigan suv obyektidir.
Suvdan foydalanuvchilar birgalikda foydalaniladigan suv obyektidan suv olishda oʻzaro manfaatlarni inobatga olishi, suvdan foydalanish huquqi amalga oshirilishini qiyinlashtirmasligi va bir-biriga zarar yetkazmasligi shart.
