84-modda. Suv omborlaridan foydalanish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv omborlarini suvga toʻldirish va ulardan suv chiqarish rejimi, suv sathining oʻzgarish rejimi, gidrotexnika inshootlari orqali suvning oʻtish rejimi, kemalarning moneliksiz va xavfsiz oʻtishi, shuningdek baliqlarning urugʻ tashlaydigan joylarga oʻta olishini taʼminlash suv omborlaridan foydalanish qoidalari bilan belgilanadi.
Suv omborlaridagi toʻgʻonlar, dambalardan, suv oʻtkazadigan va suv oladigan inshootlardan, gidroenergetika majmualaridan hamda boshqa inshootlardan foydalanuvchi tashkilotlar foydalanish qoidalari hamda suv omborlarining taʼsir zonalarida joylashgan suvdan foydalanuvchilarning, yer uchastkalari mulkdorlarining, yer egalarining va yerdan foydalanuvchilarning manfaatlari, shuningdek ekologik maqsadlar hisobga olingan holda belgilangan suv omborlarini suvga toʻldirish va ulardan suv chiqarish rejimiga rioya etishi, shu jumladan suvni ekologik maqsadlarda chiqarib yuborish rejimiga rioya etishi shart.
Suv omborlaridan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda boshqa manfaatdor organlar bilan kelishilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan har bir suv ombori uchun tasdiqlanadigan qoidalarda belgilanadi.
