83-modda. Suvdan foydalanuvchilar uyushmalarining huquq va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvdan foydalanuvchilar uyushmalari quyidagi huquqlarga ega:
uyushma aʼzolarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish;
xizmat koʻrsatuvchi suv yetkazib beruvchi tashkilotdan suvdan foydalanuvchilar oʻrtasida suvning adolatli ravishda taqsimlanishi va berilishini talab qilish;
sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarini hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlarini taʼmirlash va rekonstruksiya qilish rejalarini ishlab chiqishda, bosh suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash tadbirlari rejalarini ishlab chiqishda takliflar bilan ishtirok etish;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga takliflar kiritish, ularning qarorlarini tayyorlashda qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etish;
uyushmalar faoliyatini muvofiqlashtirish, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ittifoqlarga aʼzo boʻlib kirish.
Suvdan foydalanuvchilar uyushmasi qonunchilikka va suvdan foydalanuvchilar uyushmasining ustavlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Suvdan foydalanuvchilar uyushmasi:
suv toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
suvdan foydalanuvchilar uyushmasining mol-mulkidan va mablagʻlaridan foydalanilishi toʻgʻrisidagi axborotning oʻz aʼzolari uchun ochiqligini va undan foydalanishini taʼminlashi;
roʻyxatga oluvchi organga, soliq organlariga va davlat statistika organlariga belgilangan tartibda oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etishi shart.
Suvdan foydalanuvchilar uyushmalarining zimmasida qonunchilikka va suvdan foydalanuvchilar uyushmasining ustavlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
