75-modda. Suvdan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvdan foydalanuvchilar:
oʻziga berilgan suv resurslarini oqilona boshqarishi va ulardan foydalanishi, suvdan maqsadsiz foydalanilishiga yoʻl qoʻymasligi, suvni tejab sarflash, uning sifatini tiklash va yaxshilash choralarini koʻrishi;
belgilangan suv olish limitlariga va suvdan foydalanish qoidalariga rioya etishi;
suv obyektlaridan belgilangan maqsadlarda foydalanishi;
suvdan maxsus foydalanishda suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishi;
suvdan foydalanish toʻgʻrisida shartnoma tuzishi, suv olish uchun oʻz vaqtida talabnoma berishi;
tarkibida ifloslantiruvchi moddalar mavjud boʻlgan suvlarning suv obyektlariga oqizilishini toʻliq toʻxtatish choralarini koʻrishi;
boshqa suvdan foydalanuvchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishiga, shuningdek suv xoʻjaligi obyektlariga va tabiiy resurslarga (yerlarga, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga, foydali qazilmalarga va boshqalarga) zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymasligi;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlashi, oʻziga tegishli suv xoʻjaligi obyektlari va ulardagi inshootlarni texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi;
oqova suvlar suv obyektlariga va joy relyefiga oqiziladigan joylarni avtomatik ravishda monitoring qilish vositalari bilan jihozlashi;
olinadigan suv miqdorining hamda suv obyektlariga va joy relyefiga oqiziladigan oqova suvlar hajmining hisobini yuritishi hamda zarur axborotni suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomani bergan vakolatli organlarga, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga taqdim etishi;
suv resurslaridan foydalanganlik, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning xizmatlari va shartnoma asosida koʻrsatilgan boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlovlarni, shuningdek suv obyektlariga hamda joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalarni oqizganlik uchun kompensatsiya toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlashi;
suvni tejash va raqamli texnologiyalarni joriy etish choralarini koʻrishi;
suvlarning ifloslanishi, bulgʻanishi va kamayib ketishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish, suv obyektlariga suvlarning zararli taʼsirini bartaraf etish choralarini koʻrishi, shuningdek yer usti va yer osti suvlari toʻplanadigan maydonlarning ifloslanishiga yoʻl qoʻymasligi;
