74-modda. Suvdan foydalanuvchilarning huquqlarini cheklash
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvdan foydalanuvchilarning huquqlari qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, aholining sogʻligʻini saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, milliy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida, shuningdek suv tanqisligida, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda cheklanishi mumkin. Bunda aholining ichimlik va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlari uchun suv obyektlaridan foydalanish shart-sharoitlari yomonlashmasligi kerak.
Suvdan foydalanuvchilarning suvdan tanho holda foydalanish huquqlari mazkur suv obyektini tanho foydalanishga bergan vakolatli organ tomonidan, suvdan maxsus foydalanish huquqlari esa suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomani bergan vakolatli organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda cheklanishi mumkin.
