57-modda. Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Yer usti suvlaridan va yer osti suvlaridan foydalanishga loyiq tasdiqlangan zaxiralaridan foydalanishda suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma besh yil muddatga beriladi.
Yer osti suvlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma olgan yuridik va jismoniy shaxslar uning amal qilish muddati davrida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha hududiy organlar hamda hududiy gidrogeologik stansiyalar vakillari ishtirokida tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtiriladigan foydalaniladigan quduqlarni konservatsiya qilishni va qayta ishga tushirishni amalga oshirish huquqiga ega.
Tasdiqlanmagan zaxiralardagi foydalanishga yaroqli boʻlgan yer osti suvlaridan foydalanishda guruhli suv olish inshootlari uchun suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma ikki yildan koʻp boʻlmagan muddatga beriladi.
Suvdan foydalanuvchi ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashidan kamida bir oy oldin ruxsatnoma beradigan organga avval berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimos bilan murojaat qilishga haqli.
Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomaning amal qilish muddati ruxsatnomani berish kelishilgan organlardan suv taʼminoti manbasida, ruxsatnomada koʻrsatilgan suvdan foydalanish maqsadida va boshqa shartlarida oʻzgarishlar mavjud emasligi haqida xulosa olinganidan keyin ruxsatnomani bergan organ tomonidan besh yilga uzaytiriladi.
Suvdan foydalanuvchi suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaganidan keyin yoki ruxsatnomada koʻrsatilgan suvdan foydalanish manbalari, maqsadi va boshqa shartlari oʻzgarganda, belgilangan tartibda yangi ruxsatnoma olishi shart.
Obyektlarni qurish yoki rekonstruksiya qilish davrida suvdan maxsus foydalanilganda suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma ushbu ishlarni amalga oshirish davriga rasmiylashtiriladi. Obyekt ishga tushirilgach, suvdan foydalanuvchi belgilangan tartibda yangi ruxsatnoma olishi shart.
