56-modda. Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Quyidagi hollarda suvdan maxsus foydalanish ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi:
suv olish inshootlaridan foydalangan holda suv obyektlaridan bir sutkada 5 kub metrdan ortiq suv olishda;
oqova va kollektor-drenaj suvlarini suv obyektlariga hamda joy relyefiga oqizishda.
Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma:
yer usti tabiiy suv obyektlaridan suv olishda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hududiy organlari tomonidan;
yer osti, mineral va termal suvlarni olishda — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hududiy organlari bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining tegishli organlari tomonidan beriladi.
Sunʼiy suv havzalaridagi suvdan foydalanilganda suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
