34-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni davlat tomonidan normalashtirish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni normalashtirishda quyidagilar nazarda tutiladi:
tabiiy aylanmada suvning zarur miqdorini saqlash, uning normativ tozaligini taʼminlash, suv florasi va faunasini saqlash, suv havzalarining ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik, ularda ekologik muvozanatni saqlash va landshaftning tarkibiy qismi sifatida suv havzasiga zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymaslik shartlarini hisobga olgan holda suv olishning, oqova va kollektor-drenaj suvlarini oqizishning normativ koʻrsatkichlarini belgilash;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida standartlashtirish, sertifikatlash hamda normativlarga mos keladigan metrologik jihatdan taʼminlash;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida boshqa normativlar (ekologik cheklovlar, suv sifati va boshqalar) va qoidalarni belgilash.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni normalashtirish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan suv toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni normalashtirishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
ekologik xavfsizlikni suvdan va suv obyektlaridan hamda ular bilan bogʻliq suvga doir va boshqa ekotizimlardan foydalanishga oid qismida taʼminlash;
yer usti va yer osti suvlarini qaytarmasdan olishning yoʻl qoʻyiladigan cheklangan hajmi oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik;
suvni va suv obyektlarini ekologik normativlarga (atrof-muhit sifati, unga boʻlgan zararli taʼsirning yoʻl qoʻyiladigan chegaralari, suv, muhofaza, sanitariya hamda boshqa zonalaridan foydalanish va boshqalar) muvofiq saqlash.
