33-modda. Suv obyektlaridan suv olish uchun buyurtmanoma berish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv obyektlaridan suv olish faqat suvdan foydalanuvchilarning yozma yoki elektron buyurtmanomalari boʻyicha (bundan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimidan, shuningdek yer osti suv havzalaridan oʻz hisobidan sugʻorish quduqlari orqali suv olish hollari mustasno), ularning suvdan foydalanishga tayyorligiga koʻra, belgilangan mavsumiy suv olish kvotasi va suv olish limiti doirasida amalga oshiriladi.
Suv olish uchun buyurtmanomalar suvdan foydalanuvchilar tomonidan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga yoki ularning vakolatli shaxslariga moʻljallanilayotgan suv olish boshlanishidan oʻn kun oldin, suv olishning aniq joyi va muddatlari (suv olishning boshlanishi va tugashi), shuningdek suv olish hajmlari hamda belgilangan maqsadi koʻrsatilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklda beriladi.
Suv olish uchun buyurtmanomada koʻrsatilgan suv hajmi belgilangan suv olish kvotasidan va suv olish limitidan ortiq boʻlmasligi kerak.
Suv yetkazib beruvchi tashkilotlar ikki kunlik muddatda xizmat koʻrsatilayotgan hududdagi barcha suvdan foydalanuvchilarning yozma buyurtmanomalarini umumlashtirib va tahlil qilib, keyinchalik yozma buyurtmanomalarni tumanlararo ahamiyatga molik suv xoʻjaligi obyektlaridan suv olish uchun tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga yuboradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tegishliligi boʻyicha buyurtmanomalarni bir kun ichida umumlashtiradi va tahlil qiladi, tumanlararo va transchegaraviy ahamiyatga molik daryolardan, magistral kanallardan (tizimlardan), xavf darajasi yuqori boʻlgan suv obyektlaridan suv olishga nisbatan esa yozma buyurtmanomalarni Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga ajratilgan suv olish kvotalari va suv olish limitlaridan, shuningdek suv manbasining suvlilik darajasidan kelib chiqqan holda bir kun ichida buyurtmanomalarni umumlashtiradi va tahlil qiladi hamda xabarnoma shaklida suv olishga ruxsat beradi yoki buni rad etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari bir kun ichida suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga ajratilgan suv olish limitlaridan, shuningdek suv manbasining suvlilik darajasidan kelib chiqqan holda xabarnoma shaklida suv olishga ruxsat beradi yoki buni rad etadi.
