17-modda. Suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Davlat tashkilotlariga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan suv xoʻjaligi obyektlari davlat suv xoʻjaligi obyektlaridir.
Davlat suv xoʻjaligi obyektlari foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan boshqariladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan davlat suv xoʻjaligi obyektlari:
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga asosan xususiy sektor boshqaruviga berilishi;
kim oshdi savdosini oʻtkazish orqali vertikal sugʻorish quduqlari va ayrim kichik nasos stansiyalari (suv chiqarish quvvati sekundiga 1 kub metrgacha) xususiy sektorga realizatsiya qilinishi mumkin.
Faqat bitta suvdan foydalanuvchiga (qishloq xoʻjaligi yer uchastkasi ijarachisiga) xizmat koʻrsatadigan suv xoʻjaligi obyektlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining yoki viloyat hokimligining tegishli qarori bilan mazkur suvdan foydalanuvchiga operativ boshqaruv huquqi asosida tanho foydalanishga toʻlovsiz beriladi.
Ikki va undan ortiq suvdan foydalanuvchilarga (qishloq xoʻjaligi yer uchastkalari ijarachilariga) xizmat koʻrsatadigan suv xoʻjaligi obyektlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga operativ boshqaruv huquqi asosida tanho foydalanishga toʻlovsiz beriladi.
Foydalanishga berilgan suv xoʻjaligi obyektlarini saqlash tegishligiga koʻra suvdan foydalanuvchilarning va suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Suvdan foydalanuvchilarning oʻz mablagʻlari hisobidan qurilgan suv xoʻjaligi obyektlari xususiy mulk hisoblanadi.
