16-modda. Suv kengashlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv resurslarini boshqarishda shaffoflikni taʼminlash va manfaatdor taraflar vakillarini jalb etgan holda tegishli qarorlar qabul qilish maqsadida respublika va havzalar, zarur hollarda esa hududlar darajasida kollegial-maslahat organi shaklidagi suv kengashlari tashkil etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika suv kengashi tashkil etiladi.
Respublika suv kengashining tarkibiga suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli vazirliklar va idoralarning rahbarlari kiradi. Respublika suv kengashining tarkibiga nodavlat tashkilotlar vakillari, ayrim ekspertlar va olimlar ham kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Respublika suv kengashi raisidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Respublika suv kengashining ishchi organidir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida havza (yoki hududiy) suv kengashlari tashkil etiladi.
Havza (yoki hududiy) suv kengashining tarkibiga suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli vazirliklar va idoralarning hududiy tashkilotlari rahbarlari kiradi. Havza (yoki hududiy) suv kengashining tarkibiga nodavlat tashkilotlar vakillari, ayrim ekspertlar va olimlar ham kiritilishi mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari havza (yoki hududiy) suv kengashlarining raislaridir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlarining havza boshqarmalari havza (yoki hududiy) suv kengashlarining ishchi organlaridir.
Tumanlar (Quvasoy shahri) hokimliklari huzurida tumanlar suv kengashlari tashkil etiladi.
Tumanlar suv kengashlarining tarkibiga suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli vazirliklar va idoralarning tuman tashkilotlari rahbarlari kiradi. Tumanlar suv kengashlarining tarkibiga nodavlat tashkilotlar vakillari, ayrim ekspertlar va olimlar ham kiritilishi mumkin.
Tegishli tuman (Quvasoy shahri) hokimi tuman suv kengashining raisidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining tuman tashkiloti yoki tumanning suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarishni amalga oshiruvchi tashkilot tuman suv kengashining ishchi organidir.
Respublika, havza, hududiy suv kengashi toʻgʻrisidagi nizom va ish reglamenti tegishli Kengash yigʻilishida tasdiqlanadi.
