158-modda. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik mexanizmlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorligi mexanizmlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
transchegaraviy taʼsir koʻrsatadigan yoki koʻrsatishi mumkin boʻlgan faoliyatni amalga oshirishda oʻz hududidagi transchegaraviy suvlardan va suv obyektlaridan oqilona hamda adolatli foydalanishni taʼminlash;
transchegaraviy suvlarning ifloslanishi boshqa davlatlarning transchegaraviy suv obyektlariga oʻtishiga olib kelishi mumkin boʻlgan ifloslanishga yoʻl qoʻymaslik, uning oldini olish, uni cheklash choralarini koʻrish;
transchegaraviy taʼsirning oldini olish, uni cheklash va kamaytirish uchun tegishli huquqiy, maʼmuriy, iqtisodiy, moliyaviy va texnik chora-tadbirlarni ishlab chiqish, tasdiqlash, birgalikda amalga oshirish;
transchegaraviy taʼsirning oldini olish, uni cheklash va kamaytirish sohasida birgalikda ikki tomonlama hamda koʻp tomonlama tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa hamkorlik mexanizmlari.
