153-modda. Suvlarni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvlarni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari “ifloslantiruvchi toʻlaydi” prinsipiga asoslanib, unga muvofiq ifloslantirishni bartaraf etish, cheklash va kamaytirish chora-tadbirlari bilan bogʻliq sarf-xarajatlar kompensatsiya toʻlovlari subyekti tomonidan qoplanadi.
Suv obyektlariga va joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalarni normativ va normativdan ortiqcha, avariyali va bir yoʻla chiqarish massasi kompensatsiya toʻlovlari obyektidir.
Suv obyektlariga va joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar kompensatsiya toʻlovlari subyektlaridir.
Kompensatsiya toʻlovlarini hisob-kitob qilish, toʻlovlarni amalga oshirish va tushgan mablagʻlardan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
