150-modda. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun toʻlovlar
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun toʻlovlar quyidagilardan iborat:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan;
suv yetkazib berish va boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlovdan;
suv olish kvotalarini boshqa suvdan foydalanuvchilardan sotib olish uchun toʻlovdan (kvotaning bir qismini boshqalarga berishga doir shartnomaga muvofiq);
suvdan limitdan ortiqcha foydalanganlik uchun toʻlovdan (suvdan limitdan ortiqcha foydalanganlik yoki suv yetkazish boʻyicha majburiyatning bir qismini boshqalarga berishga doir shartnomaga muvofiq);
atrof-muhitni (suvlar va joy relyefini) ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovidan.
Atrof-muhitni ifloslantirganlik, shuningdek suvdan va suv obyektlaridan limitdan ortiqcha (normativdan ortiq) va boshqacha tarzda nooqilona ravishda foydalanganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari yuridik shaxs daromadidan (foydasidan) undiriladi, qolgan barcha toʻlovlar esa yuridik shaxs boʻlgan suvdan foydalanuvchilar mahsulotining (ishlarining, xizmatlarining) tannarxiga kiritiladi.
Suvdan foydalanganlik uchun toʻlovlar va atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar qonunchilikda belgilanadi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlari uchun ichimlik suv taʼminoti korxonalariga suv yetkazib berganlik hamda boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlov undirilmaydi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanganlik uchun toʻlovlarning, suvni va suv obyektlarini ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlarining toʻlanishi yuridik hamda jismoniy shaxslarni suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishdan va yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.
Yongʻinni oʻchirish ehtiyojlari va favqulodda vaziyatlarning oldini olish uchun foydalanilgan suv hajmi uchun toʻlov undirilmaydi.
