149-modda. Suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanishning hamda ularni muhofaza qilishning iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanishning hamda ularni muhofaza qilishni taʼminlashning iqtisodiy chora-tadbirlarida quyidagilar nazarda tutiladi:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq undirish, suv yetkazib berish va koʻrsatilgan boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlov, suv obyektlarini ifloslantirganlik va ularga zararli taʼsir koʻrsatganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari;
suvdan foydalanuvchilarga suvni tejashda, suvning hisobini yuritishda, suvni tejaydigan sugʻorish va suvni tozalash texnologiyalarini joriy etishda, suvni muhofaza qilish va tejashda samara beradigan boshqa faoliyatni amalga oshirishda qonunchilikka muvofiq beriladigan soliq, kredit imtiyozlari va boshqa imtiyozlar;
suv yetkazib beruvchi tashkilotlar orasida raqobatni rivojlantirish, suv resurslarini boshqarish va suvdan foydalanuvchilarga suv yetkazib berish jarayonlariga davlat-xususiy sheriklik prinsiplarini joriy etish.
Nodavlat notijorat tashkilotlari oʻz taʼsis hujjatlariga muvofiq suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilishga doir samarali chora-tadbirlar tatbiq etilishini qonunchilikda belgilangan tartibda ragʻbatlantirishi mumkin.
