132-modda. Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti manbalarining sanitariya muhofazasi zonalari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Barcha ishlatilayotgan, loyihalashtirilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlarining sanitariya-epidemiologik jihatidan ishonchliligini taʼminlash maqsadida sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari belgilanadi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimi obyektlari atrofida tegishincha sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari, mineral suvlar va boshqa davolash vositalari atrofida esa sanitariya muhofazasi zonalari belgilanadi va ajratiladi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti yer usti va yer osti manbalarining suv olish joyidagi sanitariya muhofazasi zonasi quyidagi uch mintaqadan iborat boʻladi:
birinchi mintaqa — qatʼiy rejimli;
ikkinchi va uchinchi mintaqa — xoʻjalik faoliyati cheklangan rejimli.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminotining yer osti manbasi sanitariya muhofazasi zonasi ikkinchi mintaqasining chegarasi iqlimi oʻzgargan hududlarga va yer osti suvlarining muhofaza qilinganligiga qarab, suv olish joyidan suvning bakteriologik ifloslanishi hamda togʻ jinslarining suvli qatlami xususiyatlari hisobga olingan holda belgilanadi.
Sanitariya muhofazasi zonasi ikkinchi va uchinchi mintaqasining chegaralari suvning kimyoviy va texnogen ifloslanishi hisobga olingan holda aniqlanadi.
Suv saqlaydigan qatlamning infilʼtratsion taʼminotida yer osti manbasi sanitariya muhofazasi zonasining ikkinchi va uchinchi mintaqalari suv taʼminoti yer usti manbasi ikkinchi va uchinchi mintaqalarining chegaralariga muvofiq ravishda qabul qilinishi kerak.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimi inshootlarining (nasos stansiyalarining, suvni tayyorlash stansiyalarining, sigʻimlarning) sanitariya muhofazasi zonasi birinchi mintaqa chegaralaridan va uning atrofidagi sanitariya-himoya mintaqasidan (qoʻriqlash zonasidan) iborat boʻlishi kerak.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti manbalarining sanitariya muhofazasi zonasi kengligi ushbu Kodeksning 126-moddasiga muvofiq belgilanadi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari boʻylab kengligi eng chekka suv quvurlaridan boshlanadigan sanitariya-himoya mintaqalari belgilanadi.
Imoratlar qurilgan hududda sanitariya-epidemiologiya nazorati, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari bilan kelishuvga koʻra, mintaqalar kengligining yuqorida koʻrsatib oʻtilgan oʻlchamlarini kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
