17-modda. Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash uchun ruxsatnoma berish
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-1074-son) · Sana: 10.07.2025 · Amalda
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash uchun ruxsatnoma berish ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalarida shaxsan murojaat qilinganda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash uchun ruxsatnomaga ega boʻlmagan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilmaydi.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash uchun ruxsatnoma Yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish huquqiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxati asosida beriladi.
Chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash uchun ruxsatnoma berish tartibi hamda Yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish huquqiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
