16-modda. Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-1074-son) · Sana: 10.07.2025 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish:
ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalarida (shaxsan murojaat qilinganda);
ichki ishlar organlarining tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarida (shaxsan murojaat qilinganda);
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (xabardor qilish tartibida);
“E-xabar berish” tizimi orqali (xabardor qilish tartibida);
joylashtirish vositalarida yoki davolash muassasalarida “E-mehmon” tizimi orqali (xabardor qilish tartibida) amalga oshiriladi.
Turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish masalasida ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasiga, ichki ishlar organlarining tayanch punktiga yoki mahalla huquq-tartibot maskaniga murojaat qilgan roʻyxatdan oʻtayotgan shaxs quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
turar joy mulkdorining (mulkdorlarining) uy-joy maydonini berish toʻgʻrisidagi arizasini (roziligini), shaxsan borish imkoni mavjud boʻlmaganda esa uning (ularning) notarial tartibda tasdiqlangan arizasini (roziligini);
turar joy mulkdorining (mulkdorlarining) pasportini (yashash guvohnomasini) yoki identifikatsiyalovchi kartasini;
roʻyxatdan oʻtayotgan shaxsning identifikatsiyalovchi kartasini (yashash guvohnomasini);
oʻn olti yoshga toʻlmagan bola arizada koʻrsatilgan taqdirda, uning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasini yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni;
vasiylikdagi (homiylikdagi) bola yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) bola arizada koʻrsatilgan taqdirda, vasiylikni (homiylikni) tasdiqlovchi hujjatlarni yoki bolani oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvni.
Soliq organlarida hisobga olingan turar joyning ijara shartnomasi taqdim etilganda turar joy mulkdorining (mulkdorlarining) uy-joy maydonini berish toʻgʻrisidagi arizasi (roziligi) talab etilmaydi.
