8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi vakolatlari
Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-1073-son) · Sana: 07.07.2025 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻz vakolatlari doirasida:
yalpi ichki mahsulotning uglerod sarfi hajmini kamaytiradi, “yashil” iqtisodiyotni ilgari surishga, “yashil” oʻsish prinsiplarini joriy etishga va iqtisodiyot tarmoqlarida issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirishga doir faoliyatni muvofiqlashtiradi;
issiqxona gazlari savdosining xalqaro va milliy darajalarda amalga oshirilishini tartibga soladi va taʼminlaydi;
issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi davlat dasturlarining, hududiy va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi hamda ularning amalga oshirilishi monitoringini yuritadi;
issiqxona gazlarining chiqarilishi jadalligini kamaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlarning bajarilishi monitoringini milliy imkoniyatlar va sharoitlardan kelib chiqqan holda yuritadi;
investitsiyalarni jalb etishning istiqbolli yoʻnalishlari ishlab chiqilishini, shu jumladan ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv prinsiplari asosida investitsiya loyihalari monitoringi yuritilishini taʼminlaydi;
xalqaro va ichki uglerod birliklari bozoriga yoʻnaltiriladigan uglerod birliklarining reyestrini shakllantiradi hamda yuritadi;
issiqxona gazlarining chiqarilishi prognozlarini belgilaydi va issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash boʻyicha belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishini baholaydi;
issiqxona gazlari chiqarilishining, tutib qolinishining va qisqartirilishining hajmlarini miqdoriy jihatdan aniqlash uslubiyatini, shu jumladan issiqxona gazlarining chiqarilishi, tutib qolinishi hamda qisqartirilishi hajmlarini aniqlashning hisob-kitob va instrumental usullarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasini davlat tomonidan tartibga solishni maqbullashtirish, ushbu sohada ilgʻor innovatsiyalarni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash yoʻnalishida chet el investitsiyalarini, shuningdek xalqaro moliya institutlarining va boshqa tashkilotlarning kreditlari hamda grantlarini jalb etadi;
issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi.
