28-modda. Oraliq bank tashkil etilishining va faoliyat yuritishining oʻziga xos xususiyatlari
Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida (O‘RQ-1070-son) · Sana: 23.06.2025 · Amalda
Oraliq bankni tashkil etish ushbu moddada belgilangan qoidalar inobatga olingan holda, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan bank faoliyatiga ruxsat berish shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Oraliq bankning ustav kapitali Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida quyidagi manbalar hisobidan shakllantirilishi mumkin:
hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish vositasini qoʻllagan holda oraliq bankka oʻtkazilgan majburiyatlarni mazkur oraliq bankning aksiyalariga konvertatsiya qilish;
ushbu Qonunning 37-moddasi talablarini hisobga olgan holda Davlat budjeti mablagʻlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Markaziy bank oraliq bank ustav kapitalining eng kam miqdorini “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilanganidan kam miqdorda belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga vakolatlidir.
Oraliq bankni litsenziyalash tartib-taomili bir bosqichdan iborat boʻlib, oraliq bankni davlat roʻyxatiga olish litsenziya berish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
Oraliq bankni davlat roʻyxatiga olish va litsenziyalash bankning ustaviga, bank kuzatuv kengashining va boshqaruvining aʼzolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga, shuningdek bankning biznes-rejasi haqidagi maʼlumotlarga asosan amalga oshiriladi. Bunda Markaziy bank qonunchilikka muvofiq bankni litsenziyalash uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlarni talab qilishga haqli.
Markaziy bank “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablari toʻliq bajarilmagan hollarda ham oraliq bankka litsenziya berishi mumkin. Bunday hollarda, litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorda oraliq bankning zimmasiga “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarini olti oydan oshmaydigan muddat ichida bajarish majburiyati yuklatiladi.
Oraliq bankni davlat roʻyxatiga olishda va litsenziyalashda “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 16-moddasida, 17-moddasining uchinchi qismida, 20-moddasida, shuningdek oraliq bankning aksiyadorlari bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan 22-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanilmaydi.
Oraliq bankka litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
