27-modda. Oraliq bank
Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida (O‘RQ-1070-son) · Sana: 23.06.2025 · Amalda
Oraliq bank sanatsiya qilinayotgan bankning oʻta muhim vazifalarini saqlab qolish maqsadida mazkur bank aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarining barchasini yoki bir qismini oʻtkazish uchun tashkil etiladi. Keyinchalik oraliq bank va (yoki) uning aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlari sotiladi.
Markaziy bank bir yoki bir nechta sanatsiya qilinayotgan bank aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarining barchasini yoki bir qismini oʻtkazish uchun bir yoki bir nechta oraliq bankni tashkil etishi mumkin.
Oraliq bankka sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarini oʻtkazishda quyidagi qoidalar qoʻllaniladi:
sanatsiya qilinayotgan bankning majburiyatlari oraliq bankka ushbu Qonunning 64-moddasida belgilangan kreditorlarning talablarini qanoatlantirish navbatiga rioya etilgan holda oʻtkaziladi;
sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari va huquqlari, shuningdek Kafolatlash jamgʻarmasi, sanatsiya qilish jamgʻarmasi hisobidan taqdim etilgan mablagʻlar bankning bir turdagi kreditorlari oldidagi majburiyatlarini bajarish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, ushbu majburiyatlar mazkur kreditorlarning talablari miqdoriga mutanosib ravishda oʻtkaziladi;
moliyaviy barqarorlikni taʼminlash yoki aktivlar qiymatining juda past darajaga tushib ketishining oldini olish maqsadida, Markaziy bank ushbu qismning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan qoidalardan chetga chiqqan holda majburiyatlarning muayyan turlarini tanlov asosida oʻtkazishga haqli. Bunda qoidalardan chetga chiqish sababi Markaziy bank tomonidan asoslab berilishi va tegishli tartibda hujjatlashtirilishi kerak.
Oraliq bankka oʻtkazilgan majburiyatlarning umumiy qiymati sanatsiya qilinayotgan bankning mazkur oraliq bankka oʻtkazilgan aktivlari va huquqlarining baholash natijasida shakllantirilgan umumiy qiymatidan yoki boshqa manbalardan oʻtkazilgan mablagʻlardan oshib ketishi mumkin emas.
Markaziy bank oraliq bankka sanatsiya qilinayotgan bankning aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarini oʻtkazganidan keyin quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
sanatsiya qilinayotgan bankning (shu jumladan majburiy tugatish jarayonida boʻlgan sanatsiya qilinayotgan bankning) qoʻshimcha aktivlari, huquqlari va (yoki) majburiyatlarini oraliq bankka oʻtkazish;
oʻtkazilgan aktivlar, huquqlar va (yoki) majburiyatlarning bir qismini ushbu moddaning oltinchi qismiga muvofiq oraliq bankdan sanatsiya qilinayotgan bankka (shu jumladan majburiy tugatish jarayonida boʻlgan sanatsiya qilinayotgan bankka) qaytarish.
