21-modda. Bankni sanatsiya qilishni boshlash toʻgʻrisidagi qaror va uning oqibatlari
Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida (O‘RQ-1070-son) · Sana: 23.06.2025 · Amalda
Ushbu Qonunning 20-moddasida belgilangan sanatsiya qilish uchun asoslar yuzaga kelgan taqdirda, Markaziy bank boshqaruvi bankni sanatsiya qilish toʻgʻrisida quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror qabul qiladi:
sanatsiya qilish uchun asoslarni;
ushbu Qonunning 18-moddasida belgilangan baholash toʻgʻrisidagi hisobotning qisqacha mazmunini;
sanatsiya qilishning aniq boshlanish vaqtini;
bankka nisbatan qoʻllanilishi rejalashtirilayotgan sanatsiya qilish tartib-taomillarini;
zarurat boʻlganda Davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanishni.
Bankni sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan keyin Markaziy bank mazkur qarorda nazarda tutilgan sanatsiya qilish tartib-taomillariga oʻzgartirish kiritishga haqli.
Bankni sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirishi bilan sanatsiya qilinayotgan bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishining, kuzatuv kengashining va boshqaruvining vakolatlari Markaziy bankka oʻtadi. Bunda Markaziy bank sanatsiya qilinayotgan bank kuzatuv kengashi aʼzolarining vakolatlarini tugatishga, boshqaruvi aʼzolarini ishdan chetlatishga va (yoki) ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.
Sanatsiya qilinayotgan bank kuzatuv kengashining va (yoki) boshqaruvining vazifalari Markaziy bank tomonidan quyidagilardan birining zimmasiga yuklatiladi:
Markaziy bank tomonidan tayinlangan maxsus boshqaruvchining;
Markaziy bank tomonidan tayinlangan bank kuzatuv kengashining va boshqaruvining.
Sanatsiya qilinayotgan bankning ishdan chetlashtirilgan boshqaruvi aʼzolari Markaziy bankka, maxsus boshqaruvchiga hamda Markaziy bank tomonidan tayinlangan bank kuzatuv kengashi va boshqaruviga sanatsiya qilish maqsadlariga erishish uchun zarur yordam koʻrsatadi.
Sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirishi bilan Markaziy bank, oʻzi tomonidan tayinlangan bank kuzatuv kengashi va boshqaruvi, maxsus boshqaruvchi bankning barcha aktivlarini, mol-mulkini, avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini, buxgalteriya hisobotini va boshqa hisobotlarini, shuningdek bankning barcha hujjatlarini cheklovlarsiz tasarruf etish huquqiga ega boʻladi. Sanatsiya qilinayotgan bankning Markaziy bank tomonidan tayinlangan kuzatuv kengashi va boshqaruvi yoki maxsus boshqaruvchisi sanatsiya qilinayotgan bank xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.
