2-modda. Murojaatlarga qoʻyiladigan talablar
Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida (1064-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Murojaatlarda fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan, taklif, ariza yoki shikoyatning mohiyati bayon etilgan boʻlishi lozim. Ushbu maʼlumotlar koʻrsatilmagan murojaatlar anonim xat hisoblanadi va koʻrib chiqilmaydi.
Murojaatlar ularda qoʻyilgan masalalarni hal etish vakolatiga kiradigan davlat organiga, jamoat birlashmasiga, korxona, muassasa, tashkilot yoki mansabdor shaxsga, shuningdek barcha darajadagi deputatlarga yoʻllanadi.
Murojaatlar ularda qoʻyilgan masalalarni hal etish vakolatiga kirmaydigan davlat organiga, jamoat birlashmasiga, korxona, muassasa yoki tashkilotga yuborilgan boʻlsa, 5 kun muddatdan kechiktirmay tegishli organlar yoki mansabdor shaxslarga joʻnatiladi va bu haqda fuqaroga maʼlum qilinadi.
Belgilangan tartibda berilgan murojaatlar koʻrib chiqilishi shart. Murojaatlarni qabul qilishni rad etish taqiqlanadi.
Basharti murojaatlarda ularni tegishli organlar yoki mansabdor shaxslarga joʻnatish uchun zarur maʼlumotlar aks ettirilmagan boʻlsa, ular xuddi shu muddatda tegishli tushuntirishlar bilan fuqaroga qaytarib yuboriladi.
