30-modda. Foydali qazilma konlarini ishlatish va mineral xomashyoni qayta ishlashga qoʻyiladigan asosiy talablar
Yer osti boyliklari toʻgʻrisida (2018-XII-son) · Sana: 23.09.1994 · Kuchini yo'qotgan
Foydali qazilma konlarini ishlatish foydali qazilma qazib oluvchi korxonalarning tasdiqlangan loyihalariga, konchilik ishlarini rivojlantirish rejalariga, neft, gaz konlari va yer osti suvlarini ishlatish loyiha va sxemalariga hamda texnikaviy foydalanishning konchilik munosabatlari sohasidagi maxsus vakolat berilgan davlat boshqaruv organlari bilan kelishilgan qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Foydali qazilma konlarini ishlatishda va mineral xomashyoni qayta ishlashda:
ishga solinayotgan foydali qazilma konlari va ularning yonidagi foydali qazilma konlari hamda yer qaʼri boshqa uchastkalarining konchilik ishlari olib borish natijasida buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi, shuningdek yer qaʼrida konservatsiya qilib qoʻyiladigan foydali qazilma zaxiralari saqlanishi;
togʻ jinslarining siljish jarayonlari, yer yuzasi, binolar, inshootlarning mayishishlari, konlarning pogʻonalari va chekka tomonlari mustahkamligi maxsus asboblar bilan kuzatib turilishi;
mineral xomashyoni qayta ishlashning turli bosqichlarida foydali komponentlar taqsimoti va ularni ajratib olish darajasining hisobga olib hamda nazorat qilib borilishi;
ushbu Qonunning 18-moddasi ikkinchi qismida, 28 va 29-moddalarida bayon etilgan qoidalarga rioya etilishi taʼminlanishi lozim.
