29-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bogʻliq korxonalarni loyihalashtirishga qoʻyiladigan asosiy talablar
Yer osti boyliklari toʻgʻrisida (2018-XII-son) · Sana: 23.09.1994 · Kuchini yo'qotgan
Foydali qazilma qazib oluvchi va mineral xomashyoni qayta ishlovchi korxonalarni qurish loyihalarida:
loyihalashtirilayotgan korxonalarning ekologik-iqtisodiy dalil-asoslari;
yer qaʼridan asosiy foydali qazilma zaxiralari va ular bilan birga joylashgan foydali birikmalarni mumkin qadar toʻliq, kompleks ravishda va iqtisodiy jihatdan maqbul tarzda chiqarib olishni, shuningdek xodimlar va aholining xavfsizligini taʼminlovchi foydali qazilma konlarini ochish usullari hamda bu konlarni ishga solish tizimlari;
foydali qazilma ustida joylashgan jinslardan oqilona foydalanish, shuningdek ularni jinslarning xususiyatlarini hamda yerlarni qayta tiklash talablarini hisobga olib joylash;
asosiy qazilma bilan birga qazib chiqariladigan, lekin vaqtincha foydalanilmaydigan foydali qazilma va texnogen hosilalarni toʻplash, hisobga olib borish va saqlash;
yer osti inshootlarini qurish va ishlatish jarayonida ochiladigan yer qaʼrini geologik oʻrganish;
atrof tabiiy muhitga koʻrsatiladigan taʼsirni baholash;
qayta ishlash chiqindilaridan imkon qadar toʻliq foydalanish;
zararli moddalarni, radioaktiv chiqindilarni va ishlab chiqarish chiqitlarini, tarkibida zararli moddalar boʻlgan oqova suvlarni qayta ishlash, zararsizlantirish, foydali suratda ishlatish, koʻmish va vaqtincha toʻplab qoʻyishning atrof tabiiy muhit ifloslanishi oldini olishni taʼminlaydigan usullari;
zararli moddalarni, radioaktiv chiqindilar va ishlab chiqarish chiqitlarini, oqova suvlarni qatʼiy belgilangan joylarda toʻplashning ular yer qaʼri qoʻshni uchastkalariga, yer osti suvlariga, yer yuzasiga va atmosferaga tarqalib ketishining oldi olinishini taʼminlaydigan chora-tadbirlari koʻzda tutilishi lozim.
