24-modda. Referendumda ovoz berish va ovozlarni hisoblab chiqish
Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida (417-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Kuchini yo'qotgan
Referendumda ovoz berishni tashkil etish, uni oʻtkazish tartibi va ovozlarni hisoblab chiqish “Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Fuqaro byulleten olish vaqtida ovoz beruvchilar roʻyxatidagi oʻz familiyasi qarshisiga imzo chekadi.
Fuqarolar referendumga kiritilgan masalaga qarshi ovoz bersalar, savol matnini oʻchirib tashlaydilar yoki masalani yoqlab ovoz bersalar, savol matnini oʻchirmaydilar.
Tasdiqlanmagan nusxadagi byulletenlar haqiqiy emas deb topiladi. Byulletenning haqiqiyligiga shubha tugʻilgan taqdirda masalani uchastka komissiyasi ovoz berish yoʻli bilan hal qiladi.
Ovoz beruvchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqaro referendum kuni yashash joyida boʻlish imkoniga ega boʻlmagan taqdirda, u oʻzi yashaydigan joydagi uchastka komissiyasidan ovoz berish byulletenini talab qilib olishi, ovoz beruvchilar roʻyxatiga imzo chekib, byulletenni toʻldirishi va uni yopiq konvertda uchastka komissiyasida qoldirishi mumkin. Muddatidan oldin ovoz bergan fuqarolar toʻldirgan ovoz berish byulletenlari referendum kuni ovoz berish tugaganidan keyin qutilarni ochish oldidan uchastka komissiyasining raisi tomonidan komissiyaning barcha aʼzolari ishtirokida yopiq konvertlarda ovoz berish qutilariga tashlanadi.
