14-modda. Referendumning imzo varaqasi
Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida (417-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Kuchini yo'qotgan
Referendum oʻtkazish toʻgʻrisidagi talabnomaga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining imzosini toʻplash varaqalari (imzo varaqalari)da referendumga taklif etilayotgan masalalarning taʼrifi yoki taklif etilayotgan Qonunining yoki oʻzga qarorning (qonun loyihasining yoki oʻzga qarorning toʻliq matni bilan tanishish imkoniyati taʼminlangan takdirda) mazmuni bayon boʻlishi zarur. Referendumga olib chiqilayotgan masala tashabbuskor guruh tomonidan shunday tuzilishi kerakki, unga faqat bir mazmunda javob berish mumkin boʻlsin.
Referendum oʻtkazish toʻgʻrisidagi talabnomani qoʻllab-quvvatlayotgan fuqaro imzo varaqasiga imzo chekadi, bunda oʻzining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan vaqti, turar joyi, pasportining yoki uning oʻrnini bosadigan oʻzga hujjatining nomeri va seriyasini hamda imzolagan vaqtini koʻrsatadi.
Imzo varaqalarini tashabbuskor guruh raisi va aʼzolaridan biri tasdiqlagan boʻlishi kerak.
Har bir imzo varaqasida referendum tashabbuskor guruhining raisi va aʼzolaridan biri tomonidan qoʻyilgan tasdiqlovchi imzolar bilan birga tasdiqlangan jami imzolar toʻgʻrisidagi yozuv qayd etiladi. Tashabbuskor guruh aʼzolarining tasdiqlovchi imzolari ushbu tashabbuskor guruh qayd etilgan joydagi xalq deputatlari mahalliy Sovetining yoki Sovet rayosatining muhri guvohlantiriladi.
