12-modda. Referendum tashabbuskor guruhini tashkil etish va uni roʻyxatdan oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida (417-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Kuchini yo'qotgan
Referendum oʻtkazish zarurligi masalasini hal etish maqsadida fuqarolarning tashabbusi bilan fuqarolarning yigʻilishi oʻtkaziladi.
Yigʻilish oʻtkazish tashabbuskorlari kamida 10 kun avval xalq deputatlari tegishli Sovetini yoki uning Rayosatini yigʻilish qayerda va qachon oʻtkazilishidan xabardor qilishlari lozim.
Basharti, referendumda qatnashish huquqiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining kamida 300 fuqarosi ishtirok etsagina, yigʻilish qonuniy kuchga ega boʻladi.
Yigʻilishdan avval uning qatnashchilari roʻyxatga olinadi, yigʻilish rayosat saylaydi, referendum oʻtkazish zarur yoki zarur emasligini, shuningdek referendumga taklif etilajak qaror loyixasining matnini muxokama qiladi.
Basharti, referendum oʻtkazish haqida qaror qabul qilinsa va referendumga chiqarilayotgan matn tasdiqlansa yigʻilish, ochiq yoki yashirin ovoz berish yoʻli bilan tarkibi kamida 10 kishidan iborat boʻlgan referendum tashabbuskor guruhni saylaydi va unga imzo toʻplashni tashkil etishni topshiradi.
Yigʻilish protokoli va uning qatnashchilari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlari hamda tashabbuskor guruhning roʻyxati qayd etish uchun fuqarolarning yigʻilish oʻtkazilgan hududdagi xalq deputatlari nohiya yoki shahar Sovetiga yoki uning rayosatiga takdim etiladi, Sovet yoki uning Rayosati protokolni olgan kundan boshlab bir hafta muddat ichida tashabbuskor guruhni qayd etish toʻgʻrisida yoki ushbu Qonunning talablari buzilgan hollarda roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror chiqarishlari kerak. Rad etish ustidan nohiya (shahar) xalq sudiga shikoyat qilish mumkin, bu sud besh kun muddat ichida qatʼiy karor chiqaradi.
Guruh qayd etilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan uch kun ichida tegishli Sovetning rayosati tashabbuskor guruhning vakiliga qayd etilganlik toʻgʻrisidagi qaror nusxasini va guruh aʼzolarining guvohnomalarini beradi.
Har bir referendum boʻyicha tuziladigan tashabbuskor guruhlarning umumiy miqdori cheklanmaydi. Uch va undan ortiq tashabbuskor guruhning qaroriga binoan referendumning uygʻunlashtiruvchi tashabbuskor guruhi tuzilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Roʻyxatga olingan tashabbuskor guruhlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tashabbuskor guruhlar tuzilgan joylardagi Sovetlarning rayosatlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosatiga beriladi.
