3-modda. Asosiy tushunchalar
Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida (O‘RQ-1036-son) · Sana: 24.02.2025 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
atrof-muhit komponentlari — tabiiy muhitda yashash uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlaydigan yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda atmosfera havosi;
atrof-muhitga taʼsir — moʻljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhit va ekologik xavfsizlik uchun, shu jumladan inson sogʻligʻi, atrof-muhit komponentlari uchun har qanday oqibatlari hamda ushbu omillarning oʻzaro bogʻliqligi, shuningdek ushbu omillardagi oʻzgarishlarning ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarga va madaniy meros obyektlariga taʼsiri;
atrof-muhitga taʼsirni baholash — moʻljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga taʼsiri xususiyatlarini va darajasini, uning ehtimoliy ekologik oqibatlarini aniqlashga hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqishga qaratilgan tartib-taomil;
atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallari — moʻljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga taʼsirini baholash natijalari boʻyicha tayyorlanadigan va ekologik ekspertiza oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar toʻplami;
atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallarini va ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchi (bundan buyon matnda loyihani ishlab chiquvchi deb yuritiladi) — moʻljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatini va boshqa faoliyatni tashkil etish uchun atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallarini, shuningdek amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatiga va boshqa faoliyatga oid ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
buyurtmachi (tashabbuskor) — moʻljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni tashkil etish uchun atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallarini, shuningdek amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatiga va boshqa faoliyatga oid ekologik normativlar loyihalarini ekologik ekspertizadan oʻtkazish uchun taqdim etadigan yuridik yoki jismoniy shaxs;
