Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisida (O‘RQ-1023-son)
03.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 18-oktabrda qabul qilingan Senat tomonidan 2025-yil 23-yanvarda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning amal qilishi aholining oziqlik qimmatiga ega boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan xavfsiz ovqatlanishini taʼminlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat zaxirasi — davlat moddiy zaxirasining davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan, saqlanadigan hamda kamayishiga yoʻl qoʻyilmaydigan ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat boʻlgan qismi;
ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari — tarkibi va miqdori boʻyicha aholining xavfsiz ovqatlanish ratsionining asosini tashkil etadigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan oziq-ovqat mahsulotlari;
oziq-ovqat balansi — mamlakatning ichki isteʼmol talabini qoplash manbalarini koʻrsatgan holda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash istiqbollarini baholash va hisoblash tizimi;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasi — oziq-ovqat mahsulotlari bozorini barqaror saqlash maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining oʻzgaruvchan hajmlarda saqlanishi;
oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi — mamlakatning butun hududida yoki muayyan mintaqasida oziq-ovqat mahsulotlari ayrim turlarining yetishmasligi holati;
oziq-ovqat xavfsizligi — aholining sogʻlom hamda faol hayot kechirishi uchun ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻliq va uzluksiz taʼminlanishi;
xavfsiz ovqatlanish — tananing ichki muhiti barqarorligini taʼminlaydigan va turli sharoitlarda atrof-muhitning noqulay omillari taʼsiriga qarshilik koʻrsata oladigan, inson organizmining funksional faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydigan, organizmning energetik va biokimyoviy ehtiyojlariga muvofiq insonning fiziologik jihatdan oziqlik qimmatiga ega boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻlaqonli taʼminlanishi;
xomashyo — oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan qishloq va oʻrmon xoʻjaligi mahsulotlari hamda oziq-ovqat ingrediyentlari.
5-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi asosiy prinsiplar
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
aholining ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanishi barqarorligi;
oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi axborotning shaffofligi va ochiqligi (oshkoraligi);
oziq-ovqat mahsulotlaridan oqilona foydalanish;
aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda kamsitishga yoʻl qoʻyilmasligi.
6-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishning minimal normalariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini shakllantirish;
aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli miqdorda va uzluksiz taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirish;
oziq-ovqat mahsulotlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ishlab chiqarilishini ragʻbatlantirish;
tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish, shuningdek ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining eksporti va importi oʻrtasidagi maqbul muvozanatni saqlash;
oziq-ovqat xavfsizligi va aholining xavfsiz ovqatlanishi sohasidagi faoliyatning samaradorligini taʼminlash;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi bozorining ehtiyojlarini doimiy monitoring qilish.
2-bob. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasini tartibga solish
7-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi organlar
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi organlar quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilmagan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatda qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etadi.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasida oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelganda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tezkor chora-tadbirlarni belgilaydi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini tashkil etadi, shuningdek ularning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlaydi;
oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishdan to ularni isteʼmolchiga yetkazib berishgacha boʻlgan jarayonni takomillashtirishning ustuvor innovatsion usullarini belgilaydi;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish tarmoqlarini, shuningdek oziq-ovqat xavfsizligi sohasida xoʻjalik yurituvchi subyektlarni kompleks qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini belgilaydi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi xavflarning oldini olish jarayonlari ustidan boshqaruv va nazoratni amalga oshiradi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasida xoʻjalik yurituvchi subyektlarni iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
kelgusi yil uchun oziq-ovqat balanslarini tasdiqlaydi;
oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Vakolatli davlat organi:
oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasida oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelgan taqdirda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish bilan bogʻliq faoliyatni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar tayyorlaydi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy taʼsir etuvchi omillarni oʻrganish asosida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va rivojlantirishga doir qisqa, oʻrta hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqadi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi ishlarning holati toʻgʻrisidagi axborotni toʻplash va tahlil qilishni amalga oshiradi;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi bozorini barqarorlashtirishga, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi narxlarining oʻzgaruvchanligini, shuningdek ularning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va xomashyo yetishtirishni rivojlantirish, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi narxlari oʻsishining oldini olish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
kelgusi yil uchun ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosiga boʻlgan ehtiyojning prognoz hajmlarini ishlab chiqadi, ularning bajarilishi yuzasidan chora-tadbirlar koʻradi;
davlat zaxirasini hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini tashkil etish mexanizmlarini takomillashtiradi;
bozorda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi assortimentini kengaytirish, import oʻrnini bosuvchi oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
kelgusi yil uchun oziq-ovqat balansini ishlab chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasida ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligi maydonlarini kengaytirishga va qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirishga, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi yoʻqotishlarni kamaytirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni amalga oshiradi;
oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantiradi.
Vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
ichki isteʼmol bozorini rivojlantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi narxlarining barqarorligini saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
davlat zaxirasini boshqarishni amalga oshiradi, uning saqlanishi, foydalanishi va yangilanishi tizimini takomillashtiradi;
davlat zaxirasida hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasida saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari normalarini belgilash boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
aholining ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish hamda taʼminlanganlik darajasini baholashni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi:
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini, isteʼmol, import va eksport koʻrsatkichlarini tahlil qiladi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasiga investitsiyalarni jalb etadi;
vakolatli davlat organi bilan birgalikda ichki bozordagi talabni muntazam oʻrganish asosida, zarur boʻlganda, oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan bojxona bojlari stavkalarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflar tayyorlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi:
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasida sanitariya qoidalari, normalari hamda gigiyena normativlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini taʼminlashda ishtirok etadi, shu jumladan genetik modifikatsiya qilingan organizmlardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari ustidan nazoratni amalga oshiradi;
xomashyo, kimyoviy hamda biologik sintez qoʻshimchalarini ishlab chiqarish chogʻida xavfsizlik koʻrsatkichlariga rioya etilishi boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishning ilmiy asoslangan normalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi oʻzgarishlarning xavfsiz ovqatlanish hamda aholi salomatligi koʻrsatkichlariga taʼsiri monitoringi va tahlilini amalga oshiradi;
aholining ovqatlanishi bilan bogʻliq yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasiga, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini oshirishga qaratilgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi maqsadli hududiy dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasi tasdiqlangan normalar asosida shakllantirilishini tashkil etadi;
oziq-ovqat balansini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlarining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga doir tadbirlardagi ishtiroki
Nodavlat notijorat tashkilotlari:
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga doir boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
3-bob. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
15-modda. Oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha davlat tomonidan koʻriladigan choralar
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻz vakolatlari doirasida oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha choralar koʻradi.
Oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha davlat tomonidan koʻriladigan choralar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
davlat zaxirasini yaratish;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini yaratish;
ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki undan olib chiqishni tartibga solish;
ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini aholi yillik ehtiyojlarining kamida sakson foizi miqdorida boʻlishini taʼminlash.
16-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning maqsadi va asosiy yoʻnalishlari
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning maqsadi mamlakat aholisining ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish hisobiga qanoatlantirishdan iborat.
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
qishloq xoʻjaligi texnikasi va uskunalarini qoʻllash, melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish hamda irrigatsiya tizimlarini boshqarish samaradorligini hisobga olgan holda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqaruvchilarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish;
oziq-ovqat sanoatini innovatsion texnologiyalar va ishlanmalar bilan taʼminlash dasturlarini moliyalashtirish, uning tashkiliy hamda iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish, qayta ishlash hamda saqlash jarayonlariga resurs tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini saqlash hamda tashish infratuzilmasini rivojlantirish;
oziq-ovqat xavfsizligi monitoringini va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi boshqa tadbirlarni qonunchilikka muvofiq oʻtkazish.
17-modda. Oziq-ovqat balansini shakllantirish
Oziq-ovqat mahsulotlarining isteʼmol normalari mamlakatning demografik, ijtimoiy va iqtisodiy koʻrsatkichlariga asosan har uch yilda qayta koʻrib chiqiladi.
Vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlarining isteʼmoli normalari asosida, talab etiladigan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish prognoz koʻrsatkichlari va holatini tahlil qilish orqali oziq-ovqat balansini ishlab chiqadi.
Oziq-ovqat balansi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
aholining ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanganlik darajasini;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi bozorining oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxiralari bilan eng koʻp hamda maqbul taʼminlanganlik darajasini.
18-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi
Aholi soni, jinsi, yoshi va hududiy sharoitlarni hisobga olgan holda oziq-ovqat xavfsizligini real vaqt rejimida baholash hamda kelib chiqishi mumkin boʻlgan xavflarni prognoz qilish maqsadida oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.
Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi vakolatli davlat organi tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.
Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasida quyidagilar aks ettiriladi:
oziq-ovqat balansi toʻgʻrisidagi axborot;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish holati;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining eksporti hamda importi haqidagi maʼlumotlar;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining isteʼmol dinamikasi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi maqsadli dasturlarning bajarilishi;
oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar va standartlar.
Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasidagi axborot barcha uchun ochiq boʻlishi kerak, bundan oshkor etilishi qonun bilan cheklangan axborot mustasno.
4-bob. Isteʼmolchilarning, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari
19-modda. Isteʼmolchilarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari
Isteʼmolchilar quyidagi huquqlarga ega:
sotib olinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari toʻgʻrisida zaruriy, ishonchli va ochiq axborotni olish;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi narxlarining asossiz oshirilishi, sunʼiy taqchillikning yuzaga kelishi xususida tegishli organlarga murojaat qilish;
oʻzining ovqatlanishga boʻlgan fiziologik ehtiyojini qondirish uchun oʻz hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmaydigan sifatga ega boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini erkin tanlash;
hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari toʻgʻrisida tegishli davlat nazorati organlarini xabardor qilish;
hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchining (sotuvchining) gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) oqibatida yetkazilgan moddiy ziyonning oʻrni qoplanishi, maʼnaviy zarar kompensatsiya qilinishi;
buzilgan huquqlarini yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini himoya qilish uchun sudga va boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish.
Isteʼmolchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Isteʼmolchilar:
oziq-ovqat mahsulotlaridan oqilona foydalanishi;
oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etishi shart.
Isteʼmolchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
20-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar quyidagi huquqlarga ega:
oʻzi ishlab chiqaradigan mahsulotlar assortimentini erkin tanlash;
oziq-ovqat balansi toʻgʻrisida ishonchli axborot olish;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxiralari haqida maʼlumot olish;
oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining isteʼmol dinamikasi toʻgʻrisida maʼlumot olish;
ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini erkin realizatsiya qilish.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar:
oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda xomashyoni qayta ishlashda resurs tejaydigan va xavfsiz texnologiyalardan foydalanishi;
oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda muomalaga kiritish chogʻida ularning qonunchilik hujjatlari va texnik reglamentlar talablariga muvofiq boʻlishini taʼminlashi;
isteʼmolchilarga yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari bilan bogʻliq xavflarni kamaytirish yoki bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni davlat organlari bilan hamkorlikda amalga oshirishi;
oʻzi ishlab chiqarayotgan (realizatsiya qilayotgan) oziq-ovqat mahsulotlari toʻgʻrisidagi zaruriy, ishonchli va ochiq axborotni isteʼmolchiga oʻz vaqtida taqdim etishi shart.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
21-modda. Nizolarni hal etish
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
22-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
23-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyatini tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
24-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonun 8-moddasi birinchi qismining oʻninchi xatboshisida nazarda tutilgan Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy ichida ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
25-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-fevral,
OʻRQ-1023-son
