6-modda. Kosmik faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Kosmik faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-1017-son) · Sana: 13.01.2025 · Amalda
Kosmik faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
kosmik faoliyat sohasidagi yagona davlat siyosatini va strategik yoʻnalishlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
kosmik fazoni va sayyoralarni tinchlik maqsadlarida tadqiq etish hamda kosmik texnologiyalardan foydalanish boʻyicha xalqaro hamkorlikda ishtirok etish;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish, shuningdek uning mudofaasini va xavfsizligini mustahkamlash maqsadida kosmik faoliyat natijalaridan foydalanish, kosmik obyektlarni yaratish va (yoki) uchirish;
kosmik xizmatlarning milliy bozorini yaratish va rivojlantirish;
kosmik faoliyat toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kosmik faoliyat toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
kosmik infratuzilmani, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni, ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
taʼlim tashkilotlarida, shu jumladan yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlarida kosmik faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda faoliyatni amalga oshiruvchi vazirliklar va idoralarning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish samaradorligini Yerni masofadan zondlashdan, geoaxborot tizimlaridan, kosmik va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda oshirishga koʻmaklashish;
oʻz boʻysunuvida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tarkibiga kiradigan harbiy tuzilmalarga ega boʻlgan vazirliklar va idoralarga mamlakatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq maxsus topshiriqlar va vazifalarni bajarishda geoaxborot tizimlaridan, kosmik va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda amaliy yordam koʻrsatish;
iqtisodiyotning tarmoqlaridagi qonunchilik buzilishi hollarini kosmik suratlarga ishlov berish va ularni tahlil qilish orqali aniqlashga koʻmaklashish;
kosmik faoliyat sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
vazirliklar va idoralar tomonidan faoliyatning tegishli sohalarida amalga oshiriladigan monitoring jarayonlarida kosmik texnologiyalarni qoʻllashga doir takliflarni ishlab chiqish va ishlarni muvofiqlashtirish;
