3-modda. Asosiy tushunchalar
Kosmik faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-1017-son) · Sana: 13.01.2025 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yer usti kosmik infratuzilmasi obyektlari — kosmik faoliyatni amalga oshirishda foydalaniladigan yer usti inshootlari, binolari va texnikalari;
Yerni masofadan zondlash — kosmik apparatlarga va boshqa qurilmalarga (samolyot, vertolyot, uchuvchisiz uchish apparatlari va boshqalarga) oʻrnatilgan uskunalar orqali yer ustidagi va yer qaʼridagi obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish jarayoni;
Yerni masofadan zondlash milliy operatori (bundan buyon matnda Milliy operator deb yuritiladi) — kosmik tizimlarni boshqarish va (yoki) ulardan foydalanish boʻyicha faoliyatni amalga oshiradigan, kosmik faoliyat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan yuridik shaxs;
kosmik apparat — kosmik fazoni va Yerni tadqiq etish imkonini beradigan, kosmik fazoga uchirish uchun moʻljallangan texnik qurilma, shu jumladan sunʼiy yoʻldosh apparati;
kosmik monitoring — kosmik xizmatlarning kosmik monitoring obyektlari holatini kosmik apparatlar yordamida olingan kosmik suratlarga, shuningdek boshqa qoʻshimcha maʼlumotlarga ishlov berish hamda ularni tahlil qilish orqali oʻrganishga qaratilgan tarkibiy qismi;
kosmik obyekt — kosmik fazoda ishlash uchun moʻljallangan texnik qurilma, shu jumladan kosmik apparat va (yoki) uni kosmik fazoga olib chiqish vositasi hamda ularning tarkibiy qismlari;
kosmik surat — kosmik apparatlarga oʻrnatilgan maxsus qurilmalar yordamida elektromagnit spektrining turli diapazonlarida olingan va maʼlum bir algoritm boʻyicha vizuallashtiriladigan ikki oʻlchovli tasvir;
kosmik texnologiyalar — kosmik faoliyatni amalga oshirish, shuningdek ushbu faoliyat natijalarini olish va ulardan foydalanish uchun zarur boʻlgan axborotni va (yoki) maʼlumotlarni toʻplash, saqlash, izlash, ularga ishlov berish hamda ularni tarqatish uchun foydalaniladigan uslublar, qurilmalar, vositalar, usullar va jarayonlar majmui;
kosmik tizim — kosmik fazoni va Yerni tadqiq etish hamda uning natijalaridan foydalanish uchun moʻljallangan, kosmik obyektlarni va yer usti kosmik infratuzilmasi obyektlarini oʻz ichiga oladigan, funksional jihatdan oʻzaro bogʻliq boʻlgan texnik vositalar hamda amaliy ishlar majmui;
kosmik fazo — Yer atmosferasidan tashqaridagi havo hududini oʻzining tabiiy xususiyatiga koʻra oʻrab turadigan, kosmik obyektlar oʻz funksional vazifalarini amalga oshira oladigan fazo;
