26-modda. Kosmik faoliyat xavfsizligini taʼminlash
Kosmik faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-1017-son) · Sana: 13.01.2025 · Amalda
Kosmik faoliyat odamlarning sogʻligʻi saqlanishini, atrof-muhit muhofaza qilinishini hamda yuridik yoki jismoniy shaxslarning mol-mulki himoya qilinishini taʼminlash sharti bilan amalga oshiriladi.
Kosmik faoliyat xavfsizligi belgilangan xavfsizlik qoidalariga muvofiq maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek tegishli tarmoqlardagi vakolatli organlar tomonidan taʼminlanadi.
Kosmik faoliyat natijasida jismoniy shaxslarning sogʻligʻiga, atrof-muhitga, yuridik yoki jismoniy shaxslarning mol-mulkiga, shuningdek davlatning mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash ixtiyoriy ravishda yoki sudning qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Fuqaro jarohat olganda yoki sogʻligʻi boshqacha tarzda shikastlanganda unga u oladigan yoki biror-bir tarzda olishi mumkin boʻlgan, yoʻqotilgan ish haqi (daromadi), shuningdek sogʻligʻiga shikast yetkazilganligi bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar, shu jumladan davolanish, qoʻshimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protezlar oʻrnatish, uni parvarishlash, sanatoriyda davolanish, maxsus transport vositasini sotib olish hamda boshqa kasbga tayyorlanishi xarajatlari, agar jabrlanuvchining ushbu yordam va parvarishlash turlariga muhtojligi hamda ularni bepul olish huquqiga ega emasligi aniqlansa, kompensatsiya qilinishi kerak.
Kosmik obyekt uchirilguniga qadar kosmik faoliyat subyektlari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi sohasidagi vakolatli davlat organiga raketadan ajralib chiquvchi qismlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qulash joylari koordinatalarini yuborishi shart.
Kosmik obyekt uchirilishi natijasida odamlar yoki hayvonlar halok boʻlgan, shuningdek fuqarolarga va atrof-muhitga zarar yetkazilgan taqdirda, kosmik faoliyat subyektlari yetkazilgan zararning oʻrnini qonunchilikda belgilangan tartibda qoplashi shart.
Chet el yuridik yoki jismoniy shaxslariga tegishli boʻlgan kosmik obyekt kosmik fazoga uchirilganda yoki u Yerga qaytayotganda faqat maxsus vakolatli davlat organi, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan oldindan kelishilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasining havo hududi orqali xavfsiz uchib oʻtishi mumkin.
