6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat sirlari sohasidagi vakolatlari
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
davlat sirlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiqilishini tashkil etadi va ularni amalga oshirish choralarini koʻradi;
maxfiy axborotni oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisida hukumatlararo bitimlar tuzadi va ularni amalga oshirish choralarini koʻradi;
davlat sirlarini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish tartibini belgilaydi;
oʻz vakolatlari doirasida davlat sirlari sohasida qarorlar qabul qiladi;
maxfiy-rejim organlarini tashkil etish, ularning faoliyati va ularni tugatish tartibini belgilaydi;
davlat sirlaridan foydalanish huquqini rasmiylashtirish tartibini belgilaydi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda maʼlumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish, maxfiylashtirish, maxfiylikdan chiqarish, shuningdek davlat sirlari va ularni tashuvchilar himoya qilinishini taʼminlash tartibini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatini va uni shakllantirish tartibini tasdiqlaydi;
ekspertlar va maxsus komissiyalarni shakllantirish hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi;
davlat sirlarining oshkor etilishi yoki yoʻqotilishi oqibatida Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligiga yoxud davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar miqdorini aniqlash tartibini belgilaydi;
maʼlumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi natijasida maʼlumotlarni tashuvchilarning mulkdoriga yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash tartibini belgilaydi;
davlat sirlarini himoya qilish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻlar ajratish toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
maxfiy-rejim organlari xodimlarining lavozim maoshlariga davlat sirlari bilan ishlaganlik hamda ushbu organlardagi xizmat davri uchun ustamalar miqdorini, shuningdek ularni toʻlash tartibini belgilaydi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning davlat sirlarini chet davlatlarga, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi va xorijdagi xalqaro tashkilotlarga, shuningdek yuridik shaxslarga berish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosalarini koʻrib chiqadi hamda ular boʻyicha qaror qabul qiladi.
