30-modda. Davlat sirlaridan xabardor boʻlgan shaxslarning huquqlarini cheklash
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Davlat sirlaridan xabardor boʻlgan shaxslarning huquqlari vaqtincha cheklanishi mumkin.
Cheklovlar quyidagilarga nisbatan tatbiq etilishi mumkin:
davlat sirlaridan foydalanishga doir rasmiylashtirilgan ruxsatnomaning amal qilishi va mehnat shartnomasida (kontraktda) nazarda tutilgan muddati ichida Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqish huquqiga (faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun);
davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan kashfiyotlar va ixtirolardan foydalanish hamda bunday maʼlumotlarni tarqatish huquqiga;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish davrida tekshiruv tadbirlarini oʻtkazish chogʻida shaxsiy hayot daxlsizligiga boʻlgan huquqqa.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovning amal qilish muddati har bir holda shaxsga maʼlum boʻlgan maxfiy maʼlumotlarning xususiyatiga qarab quyidagi tarzda belgilanadi:
“Alohida ahamiyatli” grifli maxfiy maʼlumotlar uchun — koʻpi bilan uch yil;
“Mutlaqo maxfiy” grifli maxfiy maʼlumotlar uchun — koʻpi bilan ikki yil;
“Maxfiy” grifli maxfiy maʼlumotlar uchun — koʻpi bilan bir yil.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovga beriladigan istisnolar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
