29-modda. Davlat sirlaridan foydalanish huquqini bekor qilish asoslari
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining yoki mansabdor shaxsning davlat sirlaridan foydalanish huquqi quyidagi hollarda davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot rahbarining qarori bilan bekor qilinishi mumkin:
shaxs davlat sirlaridan foydalanish va ularni himoya qilish bilan bogʻliq oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni hamda cheklovlarni buzganda;
ushbu Qonun 27-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishni rad etishga asos boʻladigan holatlar yuzaga kelganda;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot bilan mehnat shartnomasi tugatilganda;
davlat sirlaridan foydalanish bilan bogʻliq ishlarni bajarishdagi ishtirok yakunlanganda yoki bunday ishlar tugatilganda;
ushbu Qonunning 26-moddasida koʻrsatilgan mansabdor shaxslarning vakolatlari tugatilganda;
shaxsga berilgan davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma bekor qilinganligi toʻgʻrisida davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotga maxsus vakolatli davlat organi tomonidan koʻrsatma kiritilganda.
Davlat sirlaridan foydalanish huquqi shaxsga berilgan davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma bekor qilinganda tugatiladi. Maxsus vakolatli davlat organining qarori davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning bekor qilinishi uchun asos boʻladi.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning bekor qilinishi quyidagilar uchun asos boʻladi:
shaxsni davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa ishga oʻtkazish;
shaxs bilan mehnat shartnomasini bekor qilish, agar bajariladigan ish bunday ruxsatnomani talab qilsa.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning bekor qilinishi shaxslarni davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etmaslik boʻyicha oʻz zimmasiga olingan majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot rahbarining davlat sirlaridan foydalanish huquqini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
